Bog‘chamizni ertaklar mamlakatiga aylantiramiz
Prezidentimiz joriy yilning 19 yanvar kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarni ma’nan barkamol etib tarbiyalash bugungi kunning birinchi darajali vazifasi ekanini ta’kidlagan edi. Jumladan, farzandlarimizni milliy qadriyatlar ruhida tarbiya qilishni bog‘cha yoshidan boshlash zarurligi aytildi. Ana shu topshiriqlar ijrosi doirasida Angor tumani tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ma’lumki, bola tarbiyasida milliy ruhiyatning o‘rni beqiyos. Shu jihatlarni inobatga olgan holda Angor tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi tashabbusi bilan “Bog‘chamizni ertaklar mamlakatiga aylantiramiz” ko‘rik tanlovi o‘tkazilmoqda. Ushbu loyihaga ko‘ra, har bir maktabgacha ta’lim tashkilotida xalqimizning an’ana va udumlari asosida ko‘rgazmalar va qadimiy milliy boyligimiz aks etgan burchaklar tashkil etildi. Jumladan, 9-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga kiraverishdan boshlab har bir guruhlarda milliy ertak qahramonlari, uy-ro‘zg‘or udumlari hayotiy misollar bilan ko‘rsatildi. E’tiborli jihati, ertaklar olami orqali bolalarda insonparvarlik, Vatanga muhabbat, rostgo‘ylik, halollik tuyg‘ularini singdirishga alohida e’tibor qaratilgan.