OILA MUSTAHKAMLIGINI TA’MINLASHGA BARCHA MAS’UL
Bugun O‘zbekistonda olib borilayotgan jamiki islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — mamlakatimizda yashayotgan har bir insonning baxtli yashashini ta’minlashdan iboratdir.
Oilalarning, ayniqsa, yosh oilalar baxtli yashashi uchun qulay shart-sharoit yaratish, xususan, ularni uy-joy bilan ta’minlash, turli ijtimoiy yordam va imtiyozlar berish orqali qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar o‘ta muhim bo‘lib, kelgusida o‘z ijobiy natijasini berishi shubhasiz.
Ammo ta’kidlash kerakki, insonning baxtli yashashi faqat moddiy ta’minot bilangina o‘lchanmaydi. Hayotiy misollar, tahlillarga suyanib aytadigan bo‘lsak, baxtli yashashning yana bir eng muhim omili — ma’naviyat, axloq masalasidir.
Zero, adib Tohir Malik qayd etganidek, «… baxt tushunchasining moddiy tomonidan ko‘ra ma’naviy tomoni ortiqroq»dir.
Darhaqiqat, oilasidan ajrashib, farzandlari mehr-muhabbatidan judo bo‘lgan boy odamni baxtli deb bo‘lmaganidek, kamxarjroq bo‘lsa-da oilasi, farzandlari qobil, o‘zaro mehr-muhabbatli oila a’zolarini baxtsiz, deya olmaymiz.
Ayni paytda turmushda duppa-durust aka-uka, ota-bola yoki er-xotin o‘rtasida turli nizolarning vujudga kelayotganini ko‘rib, hayron qolasan kishi. Hatto, o‘zaro nizolashuv natijasida biri ikkinchisining joniga qasd qilish, bir siqim pul evaziga o‘z farzandidan voz kechib, go‘dagini tirik yetim qilish hollari ham odatga aylanib bormoqda. Bularning asl sababi nimada, nega bag‘rikenglikda olamga ibrat bo‘lgan xalqimiz orasida bundaylar soni kundan-kunga ko‘payib bormoqda?!
Mulk ilinjida “boy o‘g‘il”ning o‘z otasini ruhiy kasallar shifoxonasiga joylashtirganini, shifoxonadan chiqqach, bir xonali uyda boshqa farzandi (qizi)ga ko‘rsatmasdan saqlaganiga yoki boshqa bir “boy o‘g‘il”ning bir nechta uyi bo‘la turib, o‘z onasini uydan haydab yuborganini qanday tushunish lozim? Bular aql bovar qilmaydigan ishlar, to‘g‘rimi? Ammo, ming afsuski, bu kabi jirkanch hodisalarga kam bo‘lsa-da duch kelyapmiz.
Yoki havas qilsa, arzigudek turmush o‘rtog‘i, farzandlari bo‘la turib, ularni tarbiyalash, yo‘lga solish, uylantirish-uzatish kabi farahli tashvishlar bilan yashash o‘rniga, oilasini sababsiz tashlab, o‘zi boshqasiga uylanib ketgan otaga, oilasiga xiyonat qilib, farzandlarini xoru zorlikka tashlab, boshqa erning etagini tutib ketayotgan, “ona” degan moʻtabar nomga nomunosib ayolni kim deb atash mumkin?!
Nega oila a’zosi bo‘lgan er-xotin yoki farzandlar o‘z joniga qasd qilish orqali hayotiga yakun yasamoqda? Oilaviy nizolarning bu kabi oqibatlariga nimalar sabab bo‘lmoqda?
Ushbu savollarning birontasiga sabab moddiy tomonda deb javob bera olmaymiz va shuningdek, muammoni moddiy jihatdan, ya’ni pul va boylik bilan hal etib ham bo‘lmasligi barchaga ayon. Axir Ikkinchi jahon urushi yillarida, aholi och-nahor qolganida ham bu kabi qabihliklarga borilmagan edi-ku! Bularning bari omma orasida keng tarqalib borayotgan ma’naviy inqirozning oqibatlaridir.
Takror bo‘lsa-da, ta’kidlash lozim. Muammo boy o‘g‘ilning ma’naviy qashshoqligi, ya’ni uning o‘z vaqtida olmagan mehri va tarbiyasidagi bo‘shliqda, ajrashayotgan ota-onaning mas’uliyatsizligida, bir so‘z bilan aytganda, bosh masala shaxs ma’naviyati va axloqi bilan bog‘liq ekanligidadir.
Hech kimga sir emas, jamiyatda ma’lum bir masalada o‘zgarishga erishishda jamoatchilikning fikri, munosabati va sa’y-harakati juda muhim omil hisoblanadi.
Oilalarda ma’naviy muhitni yaxshilash, ota-onalar mas’uliyati va oiladagi munosabatlar masalasiga, ayniqsa, muammoli, notinch oilalar bilan ishlashga xotin-qizlar qo‘mitalari, «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, mahalla faollari, nuroniylar hamda yoshlar tashkiloti vakillari – keng jamoatchilik tomoni-dan alohida e’tibor qaratilishi lozim.
To‘g‘ri, bu birdan hal bo‘lib qoladigan masalalar emas.
Shuning uchun fikrimizcha, birinchidan, mustahkam, risoladagidek oilalar vujudga kelishi masalasiga doimiy e’tibor qaratish, lozim bo‘lsa, vaqtincha, aholi orasida ushbu masalada qat’iy to‘xtamga kelingunga qadar xotin-qizlar qo‘mitalari, «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markaz
Bunda asosiy e’tiborni maktab va Oliy o‘quv yurtlarida yoshlar ma’naviyatini shakllantirish hamda ularni oilaga tayyorlash masalasiga qaratib, ayni paytda bu borada olib borilayotgan ishlar, darslarni tahliliy o‘rganib, ularni takomillashtirish borasida tegishli choralar ko‘rish kerak.
Shuningdek, masalan, FXDYOlarda oila qurish istagida murojaat qilgan yoshlar bilan ishlash tartibini yo‘lga qo‘yish, kerak bo‘lsa, buning uchun FXDYO mas’uliyatini oshirish, ularga qo‘shimcha vakolatlar berish, din idoralari vakillari ishtirokida yoshlarga amaldagi oila qonunchiligi talablari bilan birgalikda, shariat qoidalari, xususan, er-xotinlik, er-xotinning burchi, xotinning erdagi haqqi, erning xotindagi haqqi, ularning bo‘lajak farzandlari oldidagi burchi masalalarini batafsil tushuntirish, turmush qurmoqchi bo‘lgan yoshlar bu masalada biror to‘xtamga kelgandan so‘ng ularning nikoh to‘ylariga oq yo‘l tilash va bu borada duch kelinishi mumkin bo‘lgan barcha qiyinchiliklarga hamjihatlik bilan barham berish lozim. Chunki oila hamon jamiyatning bir bo‘lagi ekan, uning sog‘lom bo‘lishi ham jamiyat a’zolarining Vatan manfaati, millat taqdiri oldidagi muqaddas burchiga aylanishi kerak!
Ikkinchidan, omma orasida odob-axloq, nafs tarbiyasi, yaxshilik va yomonlik, gunoh va savobning sifatlari hamda inson va uning mas’uliyati borasida tegishli mutaxassislar, adiblar, olim va faylasuflar, imom-xatiblar ishtirokida keng qamrovli va tizimli hamda ta’sirchan tarbiyaviy ish olib borish lozim ko‘rinadi va bunda ommaviy axborot vositalari, internet saytlari imkoniyatlaridan keng foydalanish kerak.
Tinch va ahil yashab, farzandlarini yaxshi tarbiyalab, umrguzaronlik qilib kelayotgan ota-onalar, ularning hayot yo‘li hamda boshqalar baxti uchun xolis yordam qo‘lini cho‘zayotgan insonlar to‘g‘risida ma’lumotlar berib borilishi ham jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar ma’naviyati va axloqiga ijobiy ta’sir etuvchi muhim omil bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun bugun ommaviy axborot vositalari, internet saytlari orqali jamoatchilik sodir etilayotgan oilaviy nizo va jinoyatlardan xabardor qilib borilayotganligi kabi, oilalardagi ijobiy holatlarni ham yoritib borish lozim ko‘rinadi. Zero, o‘quvchi, xususan, yoshlarning masalaga munosabatini shakllantirishda birgina salbiy holatlarni ko‘rsatish emas, balki o‘rnak oladigan holatlarni ham ular hukmiga havola qilish maqsadga muvofiqdir. Bunda asosiy e’tiborni oila mustahkamligi nimaga olib kelishi, shuningdek, ajralishlar oqibati inson hayotiga qanday ta’sir etishini aniq misollarda, masalan, ajrashgan oila a’zolari, ota-ona va farzandlarning jinoyat ko‘chasiga kirib ketganligi kabi holatlarni ko‘rsatish lozim va bu yaxshi samara berishi tabiiy.
Notinch, ajrashib yashayotgan oila a’zolari, ularning ota-onalari bilan Oliy sud va Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ochiq muloqot o‘tkazilib, ayollar va voyaga yetmagan bolalar jazo o‘tash muassasasidan olingan videolavhalarni namoyish etish, ulardan ayrimlarining taqdirini bayon qilib, ajralish oiladagi barcha muammolar boshlanishi ekanligini tushuntirish orqali respublika bo‘yicha minglab oilalarni tiklashga muvaffaq bo‘lingani buning isbotidir.
Qachonki oila a’zolari o‘zaro totuv va inoq bo‘lsa, ular o‘rtasidagi munosabatlar azaliy qadriyatlarimizga asoslangan bo‘lsa, u oila baxtli bo‘ladi va jamiyat tayanchiga aylanadi, baxtsiz, notinch-nosog‘lom oila jamiyat uchun muammolar manbaidir.
Muqaddas hadisda “Mo‘minlar bir-birlarini sevishda va bir-birlariga marhamat ko‘rsatishda bir tan — bir jonga o‘xshaydilar. Tanning bir a’zosi xastalangan paytda boshqa a’zolar uni davolashga harakat qiladi”, deb takidlanadi.
Oila baxti – jamiyat baxti, oila muammosi – jamiyat a’zolari, ya’ni siz va bizning muammoimizdir!
Agarda har qanday oila muammosiga “bu mening muammom emas, menga nima” qabilida emas, aksincha, “bu bizning muammomiz” deb qarasak, birini aka, boshqa birini uka, opa-singlim desak, zarur ma’naviy ko‘mak bersak, oiladagi farzandlarni o‘z farzandimiz qatorida ko‘rsak va kimgadir moddiy va kimgadir ma’naviy ko‘mak qo‘limizni cho‘zsak, adashganga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatsak yoki dalda bersak, natija o‘ta ijobiy bo‘lishi, yuqorida qayd etilgan, bugun ommaviy axborot vositalarida bot-bot yoritilayotgan oilaviy nizolar, bir-birini urib jarohatlash, joniga qasd qilish holatlari, qolaversa, butun jamiyatda huquqbuzarlik va jinoyatlar keskin kamayishiga olib kelishi shubhasiz.
Shuningdek, adib Tohir Malik: “Zimmangizdagi insoniy vazifalarni ado eting — baxtning o‘zi sizni izlab topadi. Insoniy vazifalarni ado etish uchun esa kuchli iroda talab etiladi. Ha, bizning baxtimiz o‘z hayotimizni iroda qiluvchi o‘z irodamizga bog‘liq. Shu bois baxtiyor bo‘lishni istagan kimsa irodasini tarbiya qilishi shart” deb uqdirganidek, har qanday inson o‘z irodasini tarbiya qilishi jamiyatimizdagi salbiy holatlarga barham berib, nafaqat o‘zining, balki butun jamiyat a’zolarining baxtli bo‘lishiga olib keladi. Ana shundagina jamiyat a’zolarining baxtu saodati yo‘lida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ulkan ishlarga hamohang ish olib borgan, jamiyat oldidagi burchimizni mukammal bajargan bo‘lamiz.
J.Xudoyberdiyev,
Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudining sudyasi