Oilaviy mehribonlik uyi faoliyati yoʼlga qoʼyildi

Oʼzbek xalqi azaldan bolajon xalq. Ular nafaqat oʼz farzandining, balki har bir murgʼak qalb iqboli uchun qaygʼuradi. Bolalarni kelajagimiz vorislari, hayotimiz davomchilari sifatida eʼzozlaydi. “Bolaning begonasi boʼlmaydi”, “Bol shirin, boldan bola shirin” kabi hikmatli soʼzlarning zamirida ham katta maʼno bor. Аyni kunlarda oilaviy mehribonlik uylari faoliyatining tashkil etilayotganligi ham buning yorqin isbotidir. Аngor tumanining Yangi turmush mahallasida istiqomat qilib kelayotgan Komil Hoshimov va Zamira Normurodova oilasi ham bir-biridan shirin sakkiz nafar bolani oʼz bagʼriga oldi. Xonadonda ularning emin-erkin yashashlari, oilaviy muhit taftini his qilib ulgʼayishlari uchun barcha shart-sharoit muhayyo etilgan. Muhimi, bu bolalar endi ota-ona mehru muhabbatidan bahramand boʼlishadi, oʼzlarini tengqurlaridan aslo kam sezishmaydi.
Mazkur oilaviy mehribonlik uyi ochilishi munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Unda Аngor tumani hokimligi, Milliy gvardiyaning Surxondaryo viloyati boʼyicha boshqarmasi xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda soʼzga chiqqanlar xonadon egalarining ushbu oliyjanob ishiga muvaffaqiyat tiladi va ularning oila aʼzosiga aylangan ushbu oʼgʼil-qizlarning maʼnaviyatli va vatanparvar boʼlib kamol topishlariga ishonch bildirishdi. Tadbir davomida tuman hokimligi tomonidan bolajonlarga sovgʼalar topshirildi. Shuningdek, ishtirokchilar xonadonda bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.
Аlbatta, mehr-oqibat, mehnatsevarlik, halollik, ezgulik kabi fazilatlarni oʼzida mujassam etgan oilalarda ulgʼaygan bolalar kelajakda yurt va millat taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashaydilar.