Norin tumanidagi 45 ta umumta’lim maktabiga 106 mln so‘mlik 11 turdagi sport anjomlari topshirildi

Mamlakatimizda sport, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish, yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun keng sharoit va imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyat hokimligi  hamda Namangan “Yoshlik ” jismoniy tarbiya va sport jamiyati tashabbusi bilan umumta’lim maktablariga 11 turdagi sport anjomlari topshirishdek ezgu tashabbus barcha tuman-shaharlarda davom etmoqda. Norin tumanidagi 2-umumta’lim maktabida ham ana shunday sport bayrami ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Marosimda ishtirok etgan  viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Vahobjon Rajapov  hamda tuman hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek Nurmatov davlatimiz rahbari rahnamoligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘sib kelayotgan yosh avlodni barkamol insonlar etib voyaga yetkazishda muhim omil bo‘layotgani, sportchi yoshlar  qo‘lga kiritgan  yutuq va marralar viloyatning  g‘urur va iftixorini  yuksaltirishini alohida ta’kidlab, tumandagi 45 ta umumta’lim maktablariga 106 mln 970 ming so‘mlik 11 turdagi sport anjomlarini topshirdilar.

Tadbir davomida futbol  bo‘yicha  2005-2006, 2007-2008 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida Xalq ta’limi vazirligining “Yoshlik markaziy Kengashi” sovrini uchun viloyat birinchiligi musobaqasida Norin tumani jamoasi  faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgani bilan diplom, kubok va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.