Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Angor tumani hokimligi
Mavzu: Odam savdosi – davr muammosi!

Odam savdosi illati jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan XXI asrning jiddiy muammolardan biridir. Mehnat migratsiyasi hamda axborot almashinuvining kuchayishi odam savdosi bilan shug‘ullanadigan jinoyatchi guruhlarga o‘z qabih niyatlarini amalga oshirishga imkon yaratib bermoqda.
Bugungi kunda dolzarb masalalardan biri bo‘lgan odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda ham qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Bu illat bilan kurashishda nafaqat davlat tashkilotlari, shu jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda xalqaro tashkilotlar ham  manzilli ishlarni amalga oshirmoqda.
Xalqaro mehnat tashkilotining hisob kitoblariga ko‘ra butun dunyoda 21 million kishi majburiy mehnatning jabrlanuvchilari hisoblanadi.
Dunyodagi barcha mamlakatlar odam savdosidan jabrlanishadi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, odam savdosi qurbonlarining 71 foizini ayollar va bolalar tashkil etadi.
2010 yil 30 iyulda BMTning Bosh Assambleyasi 64/293-rezolyusiyasi bilan Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha BMTning Global harakat dasturi qabul qilingan. Mazkur harakatlar dasturida ushbu jinoyatning oldini olish, jabrdiydalarning himoyasi, jinoyatchilarni ta’qib etish va barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.
2013 yil 30 iyul kuni BMT tomonidan Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni deb e’lon qilindi.
Bugungi kunda ko‘plab xalqaro hujjatlarda nazarda tutilgan normalar milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilingan. Xorijiy davlatlar bilan uyushgan jinoyatchilik, shu jumladan odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha o‘ttizdan ortiq ikki tomonlama shartnoma va bitimlar imzolangan. 2008 yilda esa “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Ammo bu xotirjam bo‘lishimiz uchun yetarli emas. Shu bois, O‘zbekistonda odam savdosi, xususan, uning transmilliy ko‘rinishlariga qarshi qat’iy choralar qabul qilinmoqda.
Qonunga muvofiq, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish - odam savdosining oldini olish, uni aniqlash hamda chek qo‘yish, uning oqibatlarini minimallashtirish, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, qonunga muvofiq respublikamizda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiya tashkil etilib, o‘z faoliyatini olib bormoqda. Idoralararo komissiyaning vazifalaridan biri bu davlat organlarini odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish yo‘nalishidagi faoliyatini birlashtirish hisoblanadi.
Xususan, Surxondaryo viloyat sudi va tuman (shahar) sudlari xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda ushbu muhim yo‘nalishda tegishli targ‘ibot va tashviqot ishlari amalga oshirib kelinayotgani, “Huquqbuzarlik profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish” tadbirlari, sayyor yig‘ilishlar, uchrashuvlar va davra suhbatlarini, shuningdek ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlarni bunga misol qilib ko‘rsatishimiz mumkin.
Olib borilayotgan ushbu ishlar zamirida o‘sib kelayotgan kelajak avlodning vatanga bo‘lgan muhabbati, ilm-ma’rifatga qiziqishi bilan bir qatorda, asr muammosiga aylangan jinoyatlarga qarshi immunitetni shakllantirish yotadi.


Surxondaryo viloyat sudi
jinoyat ishlari bo‘yicha
sudlov hay’ati sudyasi J.Xudoyberdiyev

Izoh qoldirish

Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?

  • Hozir saytda
  • 2 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs