Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlikka eʼtibor qaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Chunki yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini taʼminlashda tadbirkorlar ulushi kun sayin ortmoqda.
Shu boisdan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishda muhim omildir. Ushbu soha vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida oxirgi ikki yarim yilda Davlatimiz rahbari tomonidan ellikdan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi. Jumladan, tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, turli ruxsatnomalar olish va boshqa ko‘plab xizmatlar tartib-qoidalari soddalashtirildi. Bu borada qulaylik yaratish uchun Davlat xizmatlari agentligi va uning joylardagi markazlari tashkil etildi. Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) lavozimi joriy qilindi.
Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tijorat banklari tomonidan tadbirkorlarga ajratilayotgan kreditlar hajmi ortdi.
Mamlakatimizda tadbirkorlik yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlanayotganligi, xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash, ishbilarmonlik muhitini yana-da yaxshilashga doir qonunchilik bazasi takomillashtirib borilayotganligini ko‘rib-bilib, tumanimiz fuqarolarining tadbirkorlikka ishtiyoqi tobora ortib bormoqda.
Xususan, joriy yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, tumanda 1829 ta kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti ro‘yxatga olinib, ularning 696 tasi savdo, 282 tasi ishlab chiqarish, 171 tasi qurilish va 169 tasi qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaliklari, 34 ta tashish va saqlash korxonalar va 337 tasi boshqa turdagi tashkil etadi.
Tuman statistika bo‘limi bosh mutaxassisi
S. Qulmatov
© Angor tumani hokimligi veb-saytlari 2024