Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Angor tumani hokimligi
Yangi “OILA SUDYALARI” institutining mazmun mohiyati va ahamiyatli jihatlari xususida

Mamlakatimizda oilani asrash va mustahkamlash, bola huquqlarini ta’minlash, xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan.
Binobarin, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekani, davlat oilaning to‘liq rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlarni yaratishi, onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbarining bir qator farmon va qarorlarida ham bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni izchil davom ettirish talabi o‘z ifodasini topgan. Jumladan, Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrda qabul qilingan “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 9-bandida Oliy sud, Sudyalar oliy kengashining ilg‘or xorijiy tajriba asosida fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlarda oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusini shakllantirish haqidagi taklifiga rozilik berildi.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining 2024 yil 23 yanvarda “Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar, Namangan va Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudlarida oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan “Oila sudyalari” tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganligini alohida ta’kidlash lozim.
Rayosat qarorida “Oila sudyalari” tomonidan ko‘riladigan oilaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar va uni ko‘radigan sudyalar ro‘yxati, sudyalar tarkibiga o‘zgartirish kiritish, ular faoliyatini samarali tashkil etish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil tushuntirishlar berilgan.
Sud sohasida yangi institut, ya’ni “Oila sudyalari”ni tashkil qilish masalasi zamirida bir qator maqsadlar o‘z ifodasini topgan. Bunda, xususan:
birinchidan, sudyalarning oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashuvi ushbu yo‘nalish bo‘yicha malakali mutaxassis bo‘lib shakllanishiga zamin yaratadi, bu toifa nizolarni ijobiy hal qilishda boy amaliy tajriba to‘planadi.
ikkinchidan, sudyalar alohida e’tibor qaratgan holda har bir oilaviy nizoni chuqur o‘rganish, uning yuzaga kelish sabablari, mohiyatini to‘liq tushunib yetish imkoniga ega bo‘ladi;
uchinchidan, oilaviy nizolarning o‘ziga xos tomoni shundaki, ushbu toifadagi nizoning yuzaga kelishi boshqa nizo turlarini ham bevosita keltirib chiqaradi. Masalan, oilaviy janjal sabab sudga berilgan nikohdan ajratish haqidagi ariza, keyinchalik tomonlar o‘rtasida aliment undirish, bola uch yoshga to‘lgunga qadar ta’minot undirish, aliment miqdorini ko‘paytirish yoki kamaytirish, bola bilan ko‘rishish tartibini belgilash, hatto ota-onalik huquqini cheklash yoxud mahrum qilish kabi “zanjirli nizolar” yuzaga kelishi mumkin.
Shunday ekan, sudyalar ushbu toifadagi ishlarni ko‘rib chiqishda taraflarni imkon qadar yarashtirish choralarini ko‘rishi, mediatsiya institutini ko‘proq qo‘llashi talab etiladi. Bu esa o‘z navbatida, oilaviy nizolar kamayishi, tinch va ahil oilalar sonining ko‘payishiga xizmat qiladi;
to‘rtinchidan, sudyalar oilaviy ishlarni ko‘rib chiqishda yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va ularni bartaraf qilish barobarida, ularning oldini olish borasida hokimliklar, oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, mahalla yettiligi va faollari, diniy ulamolar, bandlikka ko‘maklashish, sog‘liqni saqlash kabi soha mutasaddilari bilan hamkorlik mexanizmlarini ham yo‘lga qo‘yishi zarur.
Bunda oilaviy nizo kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan omillar: tomonlardan birining oila qurishga tayyor emasligi, er va xotin bir-birini tushunmasligi, uchinchi shaxslarning aralashuvi, farzandsizlik, ishsizlik, moddiy yetishmovchilik kabi holatlarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullar bilan hamkorlikda muayyan choralar ko‘riladi. Zarur holatlarda targ‘ibot-tashviqot ishlari, turli ijtimoiy roliklar orqali profilaktik ishlar doimiy ravishda o‘tkazilib boriladi.
Xulosa qilib aytganda, “Oila sudyalari” o‘zining ijobiy samarasini berishi jamiyatimizda tinch va mustahkam oilalar soni ko‘payishiga xizmat qiladi. Qolaversa, mazkur yangi institut xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishda, yosh avlodni sog‘lom oilaviy muhitda kamol topishida muhim ahamiyat kasb etadi.


Surxondaryo viloyat sudi sudyasi D.U.Almuratova

Izoh qoldirish

Sayt haqida firingiz?

  • Hozir saytda
  • 2 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs