Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Angor tumani hokimligi
Yangilangan Konstitutsiya – islohotlar va imkoniyatlar asosi

 

Barchamizga ma’lumki, so‘nggi olti yilda erishgan yutuqlarimiz, xususan, iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, so‘z va e’tiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohalaridagi yuzlab cheklovlarning olib tashlangani, naqd pul, valyuta, kredit masalalaridagi muammolar hal qilingani, qo‘shnilarimiz bilan oramizdagi “muzlar erigani” va boshqa ijobiy harakatlar ortga qaytmasligining konstitutsiyaviy himoyasini ta’minlash, bu yutuqlar, huquq va erkinliklardan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz ham emin-erkin foydalanishi uchun ularni, albatta, Konstitutsiyada muhrlab qo‘yish talab etildi. Natijada yangi Konstitutsiyadagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.  
Konstitutsiyaning 1-moddasidagi “O‘zbekiston – suveren demokratik respublika” jumlasi Yangilangan Konstitutsiyamizda “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” degan norma mustahkamlandi.  
Yangi kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, O‘zbekistonda huquqiy davlat tamoyili mustahkamlandi, endilikda barcha jarayonlar qonuniy asoslar ustiga quriladi, davlat xizmatchilaridan huquq doirasida fikrlash, barcha masalalarga huquqiy ko‘z bilan qarash talab etiladi. Qolaversa, huquqiy davlatda barcha fuqarolar qonun oldida teng bo‘ladi, davlat hokimiyatining oliy organlari ham qonunlarga bo‘ysunadi va qonunlarning muqarrar ijrosini ta’minlaydi.  
O‘zbekiston o‘zini ijtimoiy davlat deb e’lon qilishi bilan, har bir fuqarosiga munosib turmush kechirishi uchun shart-sharoit yaratish majburiyatini olmoqda. Bu – mavjud resurslarni ijtimoiy adolat tamoyillari asosida taqsimlash, jamiyatda kuchli tabaqalanish avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, eng zaif qatlamlar uchun ham sifatli ta’lim va tibbiyot kafolatlanishi, samarali ijtimoiy himoya dasturlari ishlashi, imkoniyati cheklangan va qo‘llovga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, adolatli mehnat qonunchiligi va jozibador pensiya tizimi kabilarni anglatadi. Oddiyroq aytganda, eng kambag‘al oilaning bolalarida ham sog‘-salomat o‘sib-ulg‘ayib, yaxshi ta’lim olib, farovonlikka erishish imkoniyati bo‘lishi kerak.  
Dunyoviy davlatda davlat va din bir-biridan ajratilgan bo‘ladi. Davlat diniy e’tiqodidan qat’i nazar barchaga bir xil munosabatda bo‘ladi, dinga oid masalalarda neytral pozisiyani egallaydi.  
Shuningdek, Yangi Konstitutsiyaning 154-moddasi bilan, 1-moddadagi qoidalarni qayta ko‘rib chiqish mumkin emas, deb belgilandi. Xuddi shuningdek, 154-moddaning o‘zidagi aynan shu qoidadan iborat band ham qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas. Boshqacha aytganda, bu norma – O‘zbekiston hech qachon demokratiyadan voz kechmasligi, huquqiy davlatchilikka sodiqligi, monarxiyaga yoki islomiy respublikaga aylanmasligini nazarda tutadi.  
Yangilangan Konstitutsiyamizdagi muhim o‘zgarishlardan yana biri, uning 15-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.  
Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi fuqarolarga nafaqat qonunlar, balki bevosita Konstitutsiyadagi normalarga ham asoslangan holda ish olib borishga, xususan, sudga murojaat qilishga imkon beradi.  
Shuningdek, Konstitutsiyamizdagi yana bir muhim o‘zgartirish: barcha noaniqliklar – inson foydasiga hal etiladi. Konstitutsiyaning yangi tahririga asosan  “Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi”. Ya’ni endilikda qonunchilikda aniq belgilab qo‘yilmagan masalalarda ziddiyat yuzaga kelsa, masala davlat emas, inson foydasiga hal etiladi.Bundan tashqari, turli hujjatlarni yuritishda davlat organlari tomonidan xato-kamchilik o‘tgan taqdirda, masalan, pensiya tayinlashda tegishli hujjatlar bazadan topilmay, noaniqlik yuzaga kelganida ham vaziyat fuqaro foydasiga hal etilishi kerak. Bundan tashqari, Yangi Konstitutsiyamizga o‘qituvchilar haqida modda qo‘shildi. Ushbu modda ikki banddan iborat: Ya’ni “O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi”. “Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi”.
Shu tariqa, ustozlar huquq sohasi vakili bo‘lmagan, lekin oliy qonunda alohida tilga olingan yagona kasb egalariga aylandi. 
Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlash joizki, Yangi qabul qilingan Konstitutsiya bilan har bir insonning sha’ni va qadr-qimmati huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Yurtimizning insonparvar, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi huquqiy asoslandi. Xalqimiz muallifligida ishlab chiqilgan Yangi O‘zbekistonning Yangi Konstitutsiyasi mamlakatimiz taraqqiyoti, fuqarolarimiz turmush tarzini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Surxondaryo viloyat jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi
J.Xudoyberdiyev

Izoh qoldirish

Sayt haqida firingiz?

  • Hozir saytda
  • 2 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs