Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Angor tumani hokimligi
Jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar

Jazoni individuallashtirish eng avvalo hukm chiqarish vaqtida yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni etiborga olish orqali amalga oshiriladi va bu holatlarning qonunda mustahkamlab quyilganligi uning qanchalik muhimligini ko‘rsatadi. Jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar O‘.R.JKning 56-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:

  1. a) homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan;
  2. b) yosh bola, qariya yoki ojiz ahvoldagi shaxsga nisbatan;
  3. v) xizmat vazifasi yoki fukarolik burchini bajarganligi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan;
  4. g) aybdorga moddiy tomondan, xizmat jihatidan yoki boshqa jihatdan qaram shaxsga nisbatan;
  5. d) o‘ta shafqatsizlik bilan;
  6. ye) ko‘pchilik uchun xavfli bo‘lgan usulda;
  7. j) yosh bola yoki ruhiy kasalligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsdan foydalangan holda;
  8. z) jinoyat natijasida og‘ir oqibatlarning kelib chiqqanligi;
  9. i) umumiy ofat sharoitidan foydalangan holda yoki favqulodda holat vaqtida yoxud ommaviy tartibsizliklar jarayonida;
  10. k) g‘arazli yoki boshqacha past niyatlarda;
  11. l) irqiy yoki milliy dushmanlik yoxud adovat zamirida;
  12. m) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirgan holda yoki uyushgan guruh yoxud jinoiy uyushma tomonidan;
  13. n) ilgari ham qasddan jinoyat sodir etgan shaxsning takroran yoki qasddan yangi jinoyat sodir etishi;
  14. o) mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari; psixotrop yoxud kishining aql-idrokiga ta’sir qiluvchi boshqa moddalar ta’siri ostida jinoyat sodir e

Yuqorida berilgan og‘irlashtiruvchi holatlar ro‘yxati qat’iy bo‘lib, boshqa holatlarni og‘irlashtiruvchi holat deb hisoblanishi mumkin emas. Jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mazmunini qisqacha yoritib o‘tsak.

Aybdorga homiladorligi ilgaridan ayon bo‘lgan ayolga nisbatan sodir etilgan jinoyat JKning 56-moddasida keltirilgan holatlar ro‘yxatiga kiritilgan. Homilador ayolga tajovuz qilgan shaxs ayni vaqtda homilaning normal rivojlanishiga ham tajovuz qilgan bo‘ladi. Homilador ayolni tashqi salbiy ta’sir bilan muvozanat holatidan chiqarish faqat ayolga emas, homilaga ham zarar yetkazadi. Bu esa tajovuzning ijtimoiy xavflilik darajasini ikki marotaba oshiradi, ya’ni aybdorning javobgarligini og‘irlashtiradi.

Yosh bola, keksa, qariya yoki ojiz ahvoldagi shaxsga nisbatan sodir etilgan jinoyat uchun og‘irlashtiruvchi holatlar, ya’ni yosh bolalar deb, o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarni hisobash lozim. Qariyalar deganda esa pensiya yoshiga yetganlar tushuniladi. Ojiz ahvoldagi shaxslar deganda yoshi kattaligi, kasalligi, jismoniy kamchiligi va boshqa omillar tufayli jinoyatchiga qarshilik ko‘rsata olmaydigan kishilarni (masalan: uxlab yotgan shaxsni) tushunish kerak.

Xizmat vazifasi yoki fuqarolik burchlarini bajarishlari munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan sodir etilgan jinoyat JKning 56-moddasi 1-qismining «v» bandida jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida nazarda tutilgan.

O‘z xizmat burchini bajarish deganda, har qanday shaxsning o‘z xizmat burchi doirasidagi vazifasini huquqqa muvofiq ravishda amalga oshirishi, jamoatchilik burchi deganda esa fuqaroning o‘ziga yuklangan ijtimoiy burchlarini, shuningdek, uning jamiyat yoki ayrim shaxslar manfaatlari, ya’ni mazkur shaxsni huquqbuzarlikning oldini olish, sodir etilgan yoki sodir etilayotgan jinoyatlar to‘g‘risida xokimiyat idoralariga xabar berish kabi ijtimoiy burchni bajarishi tushuniladi.

Shaxsning yaqin qarindoshlari deganda ota-onalar, opa-singillar, er-xotinlar, bolalar, jumladan farzandlikka olinganlar, nabiralar, shuningdek, er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari,
opa-singillarini tushunish lozim.

JKning 56-moddasi 1-qismining «g» bandida ko‘rsatilgan jinoyatlar, ya’ni aybdorga moddiy tomondan, xizmat jihatidan yoki boshqa jihatdan qaram shaxsga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar ham jazoni og‘irlashtiruvchi holat ekanligi nazarda tutilgan.

Basharti, jabrlanuvchi xaqiqatdan ham aybdorning qaramog‘ida bo‘lganda yoki uning ko‘rsatadigan moddiy yordami jabrlanuvchi uchun birdan-bir tirikchilik manbai bo‘lgan holatlarda moddiy qaramlik mavjuddir. Nikoh munosabatlari ham bunday bog‘liqlikni vujudga keltiradi. Jabrlanuvchining moddiy qaramligi shaxsning majburiyatlari (masalan, o‘gay qizga to‘lanadigan aliment) yoki er va xotin o‘rtasida yuzaga kelgan murakkab munosabatlar (masalan, boshqa shahar yoki qishloqdan shaharga o‘qish uchun kelgan qarindoshni uy-joy va oziq-ovqat bilan ta’minlash) bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Xizmat bo‘yicha aybdorga qaramlik shaxsning xizmatga ko‘ra bo‘ysunishi bilan bog‘liq bo‘ladi, shuningdek, bevosita kelib chiqmaydigan, lekin uning mehnati yoki o‘quvi ustidan nazorat qilish vazifalari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin (masalan, ilmiy rahbar va aspirant, trener va sportchi o‘rtasida).

Boshqa turdagi qaramlik deganda, jabrlanuvchi aybdorning
uy-joyida yashashini, o‘quvchilarning yoki tarbiyalanuvchilarning vasiylar, tarbiyachilar va xokazolarga bog‘liqligini tushunish kerak.

Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirgan holda, uyushgan guruh yoki jinoiy uyushma tomonidan jinoyat sodir etish ham jazoni og‘irlashtiruvchi holatdir. Birgalikda sodir etilgan jinoyat o‘ta xavfli bo‘lib, unda jinoyat sodir etishni, jinoyat izlari va jinoyatchini yashirish yengilroq amalga oshadi.

Ayniqsa, jinoiy faoliyat uyushganlik xususiyatiga ega bo‘lganida, uning ijtimoiy xavfliligi yanada ortadi. Bu o‘rinda gap guruh xususida emas, uyushgan guruh to‘g‘risida boradi. Uyushgan guruh faqat miqdoriy belgi bilan tavsiflanmaydi (ikki va undan ortiq shaxslarning mavjudligi), ayni vaqtda sifat belgilari bilan ya’ni oldindan kelishib olish, jinoyatni sodir etish rejasini tuzish, uni amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rish, guruh ishtirokchilari o‘rtasida mustahkam aloqa mavjudligi bilan ham izohlanadi.

O‘z navbatida, jinoiy uyushmaning xavfliligi ikki va undan ko‘proq jinoiy guruhning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun birlashishidan iboratdir. Bunday birlashish natijasida uyushgan tuzilmaning o‘ta faolligiga erishiladi, bu esa ularni kuchaytiribgina qolmay, balki ta’sir doirasini ham kengaytiradi.

Og‘ir oqibatlarga olib kelgan jinoyatni sodir etish jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb topiladi, zero oqibatning xaddan tashqari og‘irligi tajovuz tarkibi doirasidan chetga chiqadi. Masalan, oilaning yagona boquvchisining o‘ldirilishi uning moddiy ahvolini o‘ta qiyinlashtirib yuborishi va xokazolar.

Sud qonuniga muvofiq jinoyatning mohiyatiga ko‘ra, mastlikni jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb topmasligi mumkin, zero u mazkur masalani yechishda qilmish o‘z tabiatiga ko‘ra mastlik yoki aybdorning aqliy-irodaviy faoliyatiga ta’sir etadigan gixyovandlik vositalari, psixotrop yoki boshqa moddalar bilan bog‘langanligini, shuningdek, shaxsning mazkur holatga tushish sharoitlarini batafsil o‘rganishi va ularni inobatga olishi lozim.

Umumiy ofat sharoitidan foydalangan holda jinoyat sodir etish deganda, aksariyat kishilarning hayot yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan yoki davlat, jamoat yoxud xususiy mulkka yirik miqdorda zarar keltiruvchi ofatlar, masalan, yong‘in, transport halokati, suv toshqini va boshqa holatlar tushuniladi. Ushbu vaziyatlarni og‘irlashtiruvchi holat sifatida etirof etish uchun aybdor tomonidan shu vaziyatlardan ongli ravishda foydalanish maqsadi mavjud bo‘lishi kerak.

Ko‘pchilik uchun xavfli usulda jinoyat sodir etish deganda, bir shaxsga yoki muayyan mol-mulkka qarshi qaratilgan bo‘lib boshqa kishilarga yoki mol-mulkka muayyan xavf tug‘diradigan usullar tushuniladi. Masalan: suvni zaharlash, yong‘in, portlatish, suv bostirish, odamlar gavjum joyda o‘q otish, bu holatlarda sodir etilgan qilmish nafaqat jabrlanuvchiga balki boshqa shaxslarga ham real xavf tug‘diradi.

O‘ta shafqatsizlik bilan jinoyat sodir etish bu jinoyatning sub’ektini ifodalovchi og‘irlashtiruvchi holatlardan biri bo‘lib, bu jabrlanuvchiga nisbatan jinoiy harakatni amalga oshirishdan oldin yoki amalga oshirish jarayonida unga nisbatan azoblash, qiynash yoki taxqirlash, xo‘rlash yoxud subektning jabrlanuvchini juda azoblab, masalan, jabrlanuvchining badaniga ko‘plab jaroxatlar yetkazish yoki juda og‘riq beradigan zahardan foydalanish, tiriklayin kuydirish, uzoq vaqt ovqatsiz qoldirish va boshqa shunga o‘xshash harakatlar sodir etishda namoyon bo‘ladi.

 

Maqolani tayyorlashda internet manbalaridan foydalanildi.

 

 

Surxondaryo viloyat sudi JIB

sudlov hay’ati sudya katta yordamchisi                J.Mamataliyev

1 izoh

Izoh qoldirish

Sayt haqida firingiz?

  • Hozir saytda
  • 2 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs