Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Angor tumani hokimligi
Aholini ro‘yxatga olish qachondan o‘tkazila boshlangan?

Aholini dastlabki ro‘yxatga olish qadimgi Gretsiya, Vavilon, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya va Misrda o‘tkazilgan. Lekin, bu aholi ro‘yxatlarining maqsadi aholidan soliq yig‘ish, ya’ni boj olish hamda harbiy maqsad uchun aholi sonini aniqlash bo‘lgan. Shuning uchun ham, bu aholi ro‘yxatlarida asosan erkaklar ro‘yxatga olingan. Chunki, u paytlarda erkaklarning iqtisodiy o‘rni yuqori bo‘lgan, soliq to‘lashda faqat erkaklar, ya’ni oila boshliqlari qatnashgan.

Aholini eng birinchi rasmiy ro‘yxatga olish 1790 yilda AQShda, keyinchalik 1800 yilda Shvetsiya va Finlyandiyada, 1801 yilda – Angliya, Daniya, Norvegiya va Fransiyada o‘tkazilgan. Ammo, bu aholi ro‘yxatlari juda oddiy shaklda hamda uzoq muddatga cho‘zilgan. Masalan, birinchi AQShda aholini ro‘yxatga olish ishlari 18 oy davomida olib borilgan.

XIX asrga kelib, aholini ro‘yxatga olish juda kengaydi. Qator Yevropa mamlakatlarida statistika tashkilotlari tuzildi. Aholini ro‘yxatga olish ilmiy dasturlar asosida olib borilishi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 1870-1879 yillarda dunyoning 48 ta, 1890 yillarda esa 57 ta davlatida aholi ro‘yxati o‘tkazilgan. XIX asr oxirida dunyo aholisining 21 foizi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, XX asr boshida 54 foiz aholi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Ikkinchi jahon urushidan keyin, aholini ro‘yxatga olish tizimi yanada takomillashtirildi. 1945-1954 yillarda – 151 ta davlatda, 1965-1974 yillarda – 179 ta davlatda aholi ro‘yxati o‘tkazilgan. Hozirgi paytda, dunyodagi deyarli barcha davlatlarda aholini ro‘yxatga olish ishlari olib borilmoqda.

Respublikamizda demografik jarayonlarning holatini o‘rganishda mamlakat hududida o‘tkazilgan aholi ro‘yxati ma’lumotlari muhim ahamiyat kasb etadi. Manbalarda keltirilishicha, O‘zbekiston hududida dastlabki aholi ro‘yxati 1897 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, ushbu ro‘yxat ma’lumotlari XIX asr oxirida O‘zbekistonda mavjud oilalar soni, aholi soni, yoshi va jinsi, etnik tarkibi, tug‘ilish, o‘lim kabi demografik jarayonlar haqida tassavvur hosil qilishga yordam bergan. O‘zbekiston hududida keyinchalik 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 va 1989 yillarda aholini ro‘yxatga olish ishlari tashkil etilgan.

Xalqaro tavsiyalarga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish quyidagi muhim tamoyillarga asoslanadi:

  1. Markazlashtirish.Aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning qat’iy markazlashtirilishi ushbu tadbirni muvaffaqiyatli o‘tkazishning asosiy shartlaridan biridir.
  2. Aholini ro‘yxatga olishning muntazamligi.BMT tavsiyalariga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish 10 yilda kamida bir marotaba o‘tkazilishi belgilangan.
  3. Aholini ro‘yxatga olish maxsus tayyorlangan mutaxassislar – hisobchilar tomonidan o‘tkazilishi.Mazkur tadbirni amalga oshirish uchun ko‘p miqdorda maxsus xodimlar yollanadi, ularning tarkibiga ziyolilar, talabalar ham kiritilishi mumkin.
  4. Aholini ro‘yxatga olishni aniq bir muddatda o‘tkazish.Bu tadbirni amalga oshirishga odatda 10–12 kun talab etiladi. Aholini ro‘yxatga olish bir necha kun davomida o‘tkazilsa ham, ma’lumotlar aniq bir vaqtda – ko‘pincha aholini ro‘yxatga olishning birinchi kunining 0 soatdagi holati bo‘yicha qayd etiladi. Bu aholini ro‘yxatga olishning nozik vaqti, deb ham ataladi.

Masalan, chaqaloq aholini ro‘yxatga olish davrida, ammo ana shu aniq muddatdan keyin tug‘ilgan bo‘lsa, u aholi ro‘yxatiga kiritilmaydi. Lekin, kimdir bu aniq nozik muddatda hayot bo‘lib, shundan keyin, ya’ni aholini ro‘yxatga olish davrida vafot etsa, u aholi ro‘yxatiga kiritiladi.

  1. Aholini ro‘yxatga olishning belgilab qo‘yilgan aniq dasturining mavjudligi va tadbirni unga qat’iy rioya qilgan holda o‘tkazish.Aholini ro‘yxatga olish dasturi – ro‘yxatga olishda muayyan talablarni hisobga olgan holda, aholiga murojaat qilinadigan savollar ro‘yxatini, ma’lumotlarni qayd etish, to‘plash, qayta ishlash, yakuniy ma’lumotlarni e’lon qilish tartiblarini o‘z ichiga oladi.
  2. Aholining to‘liq qamrab olinishi.Aholini ro‘yxatga olishda kimdir unutib qoldirilishi yoki ikki marta ro‘yxatga olinishi hollari uchrasa ham, mavjud aholining ro‘yxatdan joy olinishini ta’minlash asosiy vazifa hisoblanadi.
  3. Ma’lumotlarning maxfiyligi va shaxsiylashtirilishi.Aholini ro‘yxatga olishda individual asosda har bir shaxs to‘g‘risidagi yakka ma’lumotlar to‘planadi. Shu bilan birga, respondentlardan olingan ma’lumotlarning nomsizligi kafolatlanadi. Aholini ro‘yxatga olish varaqasidan faqat natijalarni umumlashtirish uchun foydalaniladi.
  4. Ixtiyoriylik.Shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar so‘ralayotgan (respondent)ning javoblari (kichik yoshdagilar uchun – ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosadigan shaxslarning) asosida qayd qilinadi va buni hujjat bilan tasdiqlash talab etilmaydi.

Ko‘pgina mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish qonun bilan tartibga solinishi mustahkamlab qo‘yilgan.

Masalan, Buyuk Britaniyada 1920 yilda Qo‘shma Qirollikda aholini ro‘yxatga olish qonuni qabul qilingan. Mazkur qonunda aholini ro‘yxatga olishning barcha qoidalari, fuqarolar, uy xo‘jaliklari, korxonalar va muassasalarning qaysi toifalari ro‘yxatga olinishi, aholini ro‘yxatga olishni kim o‘tkazishi, so‘rov varaqalari qanday bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, aholini ro‘yxatga oladigan hisobchilarni yollash qoidalari, ularning xizmat vazifalari hamda aholini ro‘yxatga olish qoidalari ko‘rsatilgan.

Buyuk Britaniyada har galgi aholini ro‘yxatga olishdan taxminan bir yil avval bunga doir alohida qonun hujjati qabul qilinadi (bunda albatta 1920 yilgi qonun hujjatiga havola qilinadi). Bu qonunda aholini ro‘yxatga olish uslubiga aniqlik kiritiladi, aholini ro‘yxatga olish muddati va buning uchun ajratiladigan mablag‘ miqdori belgilanadi. Buyuk Britaniyada aholini ro‘yxatga olish har o‘n yilda, odatda, aprel oyida o‘tkaziladi. Bu sananing tanlanishi mamlakatda aholi o‘rtasida ommaviy tadbirlarning o‘tkazilishi uchun ob-havo qulay bo‘lishi bilan izohlanadi.

Mamlakatda aholini ro‘yxatga olishga jalb qilinadigan ijtimoiy xodimlarga qat’iy talablar qo‘yiladi. Ular maxsus kurslarda tayyorgarlikdan o‘tishlari shart. Bu xodimlar ro‘yxatga olish boshlanishidan uch kun avval o‘z hududlaridagi aholini so‘rov varaqasini to‘ldirish bilan tanishtirib chiqishlari talab qilinadi.

AQShda 1790 yildan buyon, har 10 yilda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazib kelinadi. Aholini ro‘yxatga olish mamlakatning ko‘p asrlik qonunchilik asosiga tayanadi.

XVIII asrda qabul qilingan AQSh Konstitutsiyasining 1-moddasida “Vakillar palatasidagi joylar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliqlar Ittifoqqa kiruvchi shtatlar bo‘yicha ularning aholisi soni asosida taqsimlanadi... Aholining amaldagi soni Qo‘shma Shtatlar Kongressi birinchi majlisidan keyin uch yil mobaynida, keyin har o‘n yilda muntazam hisoblab chiqiladi”, deb qayd etilgan.

An’anaga ko‘ra, AQShda aholini ro‘yxatga olishga muhim umumdavlat ahamiyatiga ega tadbir sifatida qaraladi, unda barcha aholining ishtirok etishi Amerika demokratiyasi amal etishining zarur sharti, deb baholanadi.

Polshada aholini ro‘yxatga olish uzoq tarixga ega. Bu yerda mazkur tadbir Yevropada ilk bor – 1764 yilda o‘tkazilgan.

Hozirgi paytda mamlakatda aholini ro‘yxatga olish xalqaro me’yorlar asosida o‘tkaziladi. Har 10 yilda o‘tkaziladigan bu tadbirda aholi an’anaviy: yoshi, jinsi, ma’lumoti, ish joyi, millati, shuningdek, turarjoyi va uning maishiy asboblar bilan jihozlanishi kabi savollarga javob berishi kerak bo‘ladi. Ammo uy xo‘jaligi a’zolari va turar joy to‘g‘risidagi savollar batafsil – savollarning 34 guruhidan iboratdir.

Polshaning 1999 yildagi Aholi ro‘yxati to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq, mamlakat fuqarolari ro‘yxatga oluvchi hisobchini xonadoniga kiritib, uning savollariga javob berishi yoki so‘rovnoma varag‘ini o‘zi to‘ldirishi mumkin. Lekin, aholini ro‘yxatga olish tartib-qoidalaridan batafsil tanish bo‘lmagan fuqarolar uchun bu oson bo‘lmagan, sababi aholi ro‘yxatini o‘tkazish yo‘riqnomasi 200 varaqdan iborat bo‘lgan.

Ularning Qonuniga muvofiq, Polshaning har bir fuqarosi so‘rovnoma savollariga to‘la va haqqoniy javob berishi shart. Ma’lumot berishdan bosh tortish uchun jarima to‘lanadi, yolg‘on ma’lumot berganlik uchun esa ozodlikdan mahrum etilishi ham mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

 

A.Xudoyorov

Tuman statistika bo‘limi boshlig‘i  

1 izoh

Izoh qoldirish

Sayt haqida firingiz?

  • Hozir saytda
  • 7 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs