Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Angor tumani hokimligi
Aholini ro‘yxatga olish: uning mohiyati nimada?

Tasavvur qiling, qo‘lingizda O‘zbekiston xaritasi va unga qarab hududlarga doir birlamchi ma’lumotlarni aytish mumkin. Masalan, Surxоndaryoda qancha aholi yashaydi, Surxоndaryoda bandlik masalasi qay ahvolda, Surxondaryoda nechta ta’lim muassasasi bor, Surxоndaryoda aholi zichligi qanday va shunga o‘xshash boshqa muhim ma’lumotlar. Biroq bunday yuzaki va taxminiy ko‘rsatkichlar bilan bugungi jadal rivojlanish va islohotlar davrida uzoqni ko‘zlab nimanidir reja qilish qiyin, albatta.

Aksincha, qo‘limizda har bir hududga doir aniq faktlar bo‘lsa, rejalarimiz ham, amallarimiz ham manzilli va puxta bo‘ladi. Aynan shuning uchun bizga butun respublikani qamrab oladigan ishonchli ma’lumotlar kerak va ular tadrijiy ravishda yangilanib borilishi shart. Bunday aniq va yaxlit ma’lumotlar esa aholini ro‘yxatga olish asosida olinadi. Shunga qarab o‘tmish va bugun haqida fikr-mulohaza yuritish hamda kelajakni farazlash mumkin. Shuningdek, bu aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, ma’lumot darajasi, oilaviy holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida ma’lumot olishning yagona manbai hamdir.

Mustaqillik davrida biror marta bu jarayon o‘tkazilmagan

Ma’lumki, BMTning 2015 yil 10 iyundagi “2020 yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyusiyasi qabul qilingan va unga asosan, BMTga a’zo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazishi belgilab qo‘yilgan. Ayni paytda MDH mamlakatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlangan.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida hali biror marta bunday hisob-kitob ishlari olib borilmagan. Bunday sanoq so‘nggi bor sobiq ittifoq davrida, aniqrog‘i, 1989 yilda o‘tkazilgan edi. Holbuki, xalqaro tajribadan ma’lumki, ko‘pgina mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish tadbiri kamida har o‘n yilda bir marotaba tashkillashtirilishi ana’naga aylangan. Respublikamizda ham endi ana shunday muhim jarayon yo‘lga qo‘yiladi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2019 yil 5 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Mazkur tadbir bizga nima beradi?

Aholi sonini ro‘yxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli bo‘lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil va e’lon qilishning yagona jarayonidir. U aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning asosiy manbai bo‘lib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Aholi migratsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantiriladi.

O‘z navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Aholi sonini ishonchli hisoblash bo‘yicha rasmiy statistika tizimida asosiy rol o‘ynaydi.

Ro‘yxatga olish qanday amalga oshiriladi?

Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchisi, tayyorgarlik bosqichi bo‘lib, uch yilga yaqin vaqt davom etadi. Ikkinchisi, asosiy bosqich bo‘lib, bunda bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi. Bu taxminan ikki oy muddatni tashkil etadi. So‘nggi bosqich qariyb uch yil davom etib, olingan ma’lumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinib, natijalar e’lon qilinadi.

Ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan statistik ma’lumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi. Ya’ni bundan bu yog‘iga qog‘ozbozlikdan voz kechib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga e’tibor qaratiladi.

Ro‘yxatga oluvchilarni tanlash ham eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki ma’lumotlarning to‘g‘riligiga bevosita ayni ular mas’ul bo‘ladi va shakllantirilgan ma’lumotlar real bo‘lishi shart. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar har xil yoshda va kasbda bo‘lishi, birinchi navbatda, Davlat statistika qo‘mitasi va uning viloyat, shahar va tuman bo‘limlari xodimlari, statistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar bo‘lishi mumkin.

Yoshi va kasbidan qat’i nazar, aholini ro‘yxatga oluchilar uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi va zarurat tug‘ilsa, ularga qo‘shimcha maslahatlar beriladi. Aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar amaldagi hujjatlarga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq belgilanadi. Jarayonni davlat budjeti mablag‘lari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.

Amaldagi me’yoriy hujjatlarga binoan, yakuniy ma’lumotlarni uch tilda e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan. Chora-tadbirlar dasturida aholini ro‘yxatga olish natijalarini rasmiy chop etish, tarqatish, axborot bilan ta’minlash va e’lon qilish, aholini ro‘yxatga olishning dastlabki va yakuniy ma’lumotlarini arxivda saqlashga tayyorlash muddati 2025 yil 1 dekabrga qadar, deb ko‘rsatilgan. Ya’ni ma’lumotlar bilan tanishishning oxirgi chegara muddati belgilangan. Biroq agarda tezkor faoliyat yuritilsa, ushbu muddatdan oldin ham e’lon qilish imkoniyati mavjud.

O‘zbekistonning mukammal kadastr xaritasi yaratiladi

Aholini ro‘yxatga olish barobarida yana bir muhim vazifani bajarish ko‘zda tutilgan. Bu — hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish bilan bog‘liq masala.

Turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat ob’ektlarni qurish va ta’mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.

Reja aniq, vazifa mas’uliyatli

Keyingi uch yil davomida mas’ul mutasaddilarni qaynoq ish jarayoni kutib turibdi. Ularni muvaffaqiyatli bajarish bilan O‘zbekistonning har bir viloyati, shahari, tumanidan tortib mahallasiyu ko‘chasiga, chekka qishloq va olis ovullarigacha aloqador bo‘lgan barcha ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan yagona axborot bazasiga ega bo‘lamiz. Bu qimmatli ma’lumotlar esa bizga bugun, ertaga va yaqin kelajakda juda asqatadi.

Zotan, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilayotgan ko‘p yillik dasturlar, amalga oshirilayotgan tizimli o‘zgarishlar va belgilab olinayotgan rejalar manzil aniq bo‘lsagina, yuqori samara beradi. Demak, mazkur jarayon bilan shu choqqacha e’tibordan chetda qolib kelgan sohaga chinakam poydevor qo‘yiladi, deyish har jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi.

 

Tuman statistika bo‘limi boshlig‘i

A.Xudoyorov

Izoh qoldirish

Sayt haqida firingiz?

  • Hozir saytda
  • 2 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs