Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Angor tumani hokimligi
30 iyul — Butun jahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni.

      Afsuski, dunyo bo‘ylab shuncha keng qamrovli faoliyat, tegishli targ‘ibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar “zamonaviy qullik”, ya’ni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarli. Ushbu jinoyatning rivojlanishiga turtki bo‘layotgan asosiy omillardan biri odamlarning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli ma’lumotga ega emasligidir. Achinarlisi, o‘zga davlat, begona bir muhitga tushib qolganlar mo‘may daromad ilinjida og‘ir jismoniy mehnatga yollanmoqda, ayollar esa tuban va fahsh ishlarga majbur etilmoqda. BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSh dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir. Har yili dunyo bo‘yicha 600–800 ming nafar ayol va bolalar aldov yo‘li bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda. Odam savdosi – kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka o‘xshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson a’zolari yoki to‘qimalarini ajratib olishni anglatadi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 iyuldagi “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi  etib qayta tashkil qilindi.

Milliy komissiyaning sohadagi asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

davlat organlari va hududiy organlarning, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati samaradorligini, yaqin hamkorligi va bahamjihat ishlashlarini ta’minlash maqsadida ularning odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;

milliy qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish maqsadida odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat dasturlari hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qilish;

odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish, baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish, ushbu sohadagi jinoyatlarni aniqlash, tergov qilish, oldini olish va ularga chek qo‘yish amaliyotini o‘rganish;

odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida samarali xalqaro hamkorlik va bahamjihat harakatni tashkil etish, shuningdek, mazkur sohada axborotlarni yig‘ish, tahlil qilish va ma’ruzalar tayyorlash.

Aytish lozimki, bugungi kunga kelib odam savdosining avj olishiga, ya’ni insonni qandaydir bir buyum sifatida, ta’bir joiz bo‘lsa insonni oldi-sotdining ob’ekti sifatida foydalanilishi, ularning huquq va erkinliklarining poymol etilishiga nimalar sabab bo‘lmoqda?

— odam savdosi kabi noqonuniy faoliyat turi  bir yoki bir necha a’zolardan iborat guruhlarning serdaromad manbasiga aylanib borayotgani, ya’ni ularning hech qanday og‘ir va mashaqqatli mehnatlarsiz mo‘may daromad olishga urinayotganligi;

— odam savdosining qurboniga aylanayotgan shaxslarning soddaligi, o‘zining, yaqinlarining taqdiriga va kelajagiga befarqligi, loqaydligida. Ya’ni eng oliy ne’mat hisoblanmish erkin hayot tushunchasiga nisbatan yengil va beparvolik bilan qarashlari oqibatida ushbu odam savdosini amalga oshiruvchi jinoyatchilarning o‘ljasiga, aniqrog‘i ularning oson daromad manbaiga aylanib qolmoqdalar;

— odam savdosini amalga oshiruvchi jinoyatchi shaxslar o‘zlarining tanishlari, yaqin qarindoshlariga nisbatan, ya’ni ularning ishonchiga kirib olib, ularning odam savdosini qurboniga aylanib qolishiga sababchi bo‘layotganligida;

— odam savdosining qurboniga aylanayotgan shaxslarning or-nomus qilib, ko‘rgan xo‘rliklari, ularga nisbatan ishlatilgan turli xildagi jismoniy yoki ruxiy tazyiqlar haqida yohud o‘zining noqonuniy ravishda chegarani buzib chiqib, chet davlatda hech qanday davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, noqonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirganligidan qo‘rqib bular haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etmasligi.

2020 yil 17 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan yangi tahrirdagi «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi» qonun imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan 2008 yil 29 avgustda «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni ma’qullanib, amaldagi Jinoyat kodeksi 135-moddasining yangi tahriri qabul qilindi. Jinoyat kodeksi 135-moddasining avvalgi tahririda faqatgina odamlardan foydalanish uchun ularni yollash uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, xalqaro huquqiy hujjatlarda belgilangan odam savdosi bilan bog‘liq jinoiy qilmishlarning barchasini kompleks tarzda qamrab olmas edi. Shu sababli, u shaxsning huquq va erkinliklarini, sha’ni va qadr-qimmatini to‘liq muhofaza qilishga imkon bermas edi. 2019 yil mobaynida chaqaloqlar savdosida vositachilarning 32 foizi tibbiyot xodimlari ekanligi aniqlangan. Shuningdek, chaqaloq sotish sabablari o‘rganilganda, 9 tasi aybini yashirish, 10 tasi moddiy manfaat uchun ekanligi ma’lum bo‘lgan. 2019 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar 2018 yilga nisbatan 22 foizga kamaygan, biroq chaqaloqlar savdosi 38 foizdan 43 foizga oshgan. Senat raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbaeva mazkur jinoyatlarga oid boshqa ma’lumotlarni keltirib o‘tgan. Qayd etilishicha, 2019 yilda Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida 5 tadan, Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida va Toshkent shahrida 4 tadan, Samarqand, Farg‘ona, Namangan, Andijon, Navoiy viloyatlarida 3 tadan chaqaloq savdosiga oid jinoyat sodir etilgan. Mazkur yo‘nalishdagi jinoyatlar 72 kishi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, ularning 62 nafari (86 foizi) – ayollar tomonidan sodir etilgan. Bu jinoyat boshqa jinoyatlar bilan birgalikda sodir etilganda, jinoyatlar jami tariqasida kvalifikatsiya qilinadi. Mazkur qilmishlarning ijtimoiy xavflilik darajasi yuqori ekanligi, jamiyat a’zolarining sog‘lig‘i, hayoti va boshqa huquqlariga tajovuz qilinishi, ayniqsa yoshlarning axloqiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi e’tiborga olinib, jazo choralari ham kuchaytirildi. Qayd etish lozimki Respublikamizda fuqarolarning xorijda mehnat qilishini tashkil etishga doir huquqiy asoslar yaratilgan bo‘lib, ulardagi asosiy talablardan biri – bu xorijga yuborilishi ko‘zda tutilayotgan fuqarolarning muayyan davlat hududida ijtimoiy himoyasining ta’minlanishi, barcha ijtimoiy kafolatlar va tibbiy sug‘urtaning mavjudligidir.

Odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish bugungi kunda dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, odam savdosidan jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish hamda ularni himoya qilish, shuningdek ularning odam savdosiga qayta jalb etilishi xavfining oldini olish maqsadida identifikatsiya qilinadi. Shuningdek, qonunda odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashuvini ta’minlash tartibi belgilanib, ular, jumladan, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirish davrida moddiy yordam ko‘rsatishni; vaqtinchalik uy-joy, oziq-ovqat, sanitari-gigiena vositalari bilan, zarur hollarda esa kiyim-bosh, poyabzal va boshqa zarur ashyolar bilan ta’minlashni; ishga joylashishda, ta’lim olishda, kasbiy jihatdan yo‘naltirishda va kasbga tayyorlash hamda qayta tayyorlashda yordam ko‘rsatishni; ijtimoiy jihatdan qayta integratsiyaga, shu jumladan qarindoshlarni izlashida yordam ko‘rsatishni. Shu bilan birga, odam savdosidan jabrlanganlar to‘g‘risidagi hamda ularga nisbatan sodir etilgan holatlar haqidagi axborot, shuningdek ko‘rilgan xavfsizlik choralari to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor etilmasligi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan barcha islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlarini oliy qadriyat sifatida e’zozlashdir. Shunday ekan, transmilliy xususiyat kasb etgan, ya’ni hudud va chegara tanlamas jirkanch illat – odam savdosiga qarshi keskin kurash olib borish barchamizning muhim vazifamizdir.

Xulosa o‘rnida shuni alohida qayd etib o‘tish kerakki, odam savdosiga qarshi kurash borasida aholining turli qatlamlari, ayniqsa, ayollar va voyaga yetmagan shaxslarga odam savdosi kabi illatning farovon turmush-hayotimizga soladigan xavfi va salbiy oqibatlari to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib borish, ya’ni, aholining gavjum joylarida, mahallalarda, turli xil ta’lim muassasalarida, davlat idoralari, korxona, muassasa, tashkilotlarda targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borish, keng tushuntirish ishlarini amalga oshirish, ularda huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish asosiy vazifalardan biridir.

 

   K.Xidirov  

Jinoyat ishlari bo‘yicha                                                                   

Angor tuman sudi raisi

Izoh qoldirish

Sayt haqida firingiz?

  • Hozir saytda
  • 5 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs