Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Angor tumani hokimligi
Aholini ro‘yxatga olish — kelajak sari yangi qadam

  Mamlakat fuqarolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar har qanday davlat milliy statistikasining muhim qismi sanaladi.Bunday ma’lumotlar ma’lum vaqt oralig‘ida aholini ro‘yxatga olish tadbirlari orqali to‘planadi.Ular nafaqat respublika, balki Yer yuzi aholisining soni, ijtimoiy holati, daromadlari kabi bir qancha muhim axborotlarni hisoblab borishga xizmat qiladi.

BMT dunyo mamlakatlariga fuqarolar bilan yuzaga keladigan bir qator ijtimoiy muammolarning yechimi hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlarning demografik ko‘rsatkichlar bilan mutanosib ravishda o‘sib borishini ta’minlash uchun har o‘n yilda kamida bir marotaba aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni tavsiya etadi.Yurtimizda mustaqillikdan so‘ng keng ko‘lamda aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilmagan. Shu bois, mamlakatimizda ilk bor 2023 yilda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan aholini ro‘yxatga olish tadbiriga ayni paytda qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Aholini ro‘yxatga olish  mamlakat hududida millati, elatidan qat’iy nazar barcha insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir bo‘lib, uning o‘tkazilishidan barchamiz, siyosiy qarashlarimiz va ijtimoiy mavqeimizdan qat’i nazar birdek manfaatdormiz. Boisi, mazkur yirik ijtimoiy tadbir orqali, birinchi navbatda, jami aholining  soni (2021 yil 1 yanvar holatiga respublika aholisi 34 558,9 ming kishi tashkil etgan), fuqaroligi, nikoh holati ya’ni rasmiy nikoh, norasmiy nikoh yoki erta nikoh, odamlarimizning ta’lim darajasi (o‘rta, o‘rta maxsus yoki oliy), yashash uchun daromad manbalari, uysizlar soni,uy xo‘jalinining yashash sharoitlari kabi bir qancha ko‘rsatkichlar bo‘yicha bugungi kunda yetarlicha mavjud bo‘lmagan ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Shaharcha, mahalla, qishloq va ovullar soni hamda ularning chegaralari, turar joylar soni, ulardagi mavjud shart-sharoitlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritiladi.

Bugungi kunda BMT dunyo mamlakatlarini har 10 yilda kamida bir marotaba o‘z aholisini ro‘yxatga olishga da’vat etadi.Aksariyat mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish tadbiri har 10 yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Xo‘sh, nega aynan 10 yilda bir marta? Buning bir qancha sabablari bor, albatta. Avvalo, 10 yil ichida jamiyatda salmoqli o‘zgarishlar ro‘y beradi.Avvalgi ro‘yxatga olish usullari samaradorligi sezilarli darajada kamayishi sababli, so‘rovnomalar mazmuniga tuzatishlar, ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash usullariga zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda o‘zgartirishlar kiritish talab etiladi.

2015 yilda BMTning “2020 yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyusiyasi qabul qilinib, 2020 yil raundiga start berilgan edi. Bu raund 2015 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston ham o‘z aholisini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni rejalashtirgan davlatlar qatoridan joy oldi va dunyo xalqlari bo‘yicha 228 chi bo‘lib BMT tomonidan ro‘yxatga olindi. Biroq koronavirus pandemiyasining dunyo bo‘ylab keng tarqalishi ko‘plab holatlar singari aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish jarayonlariga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. Aksariyat mamlakatlarda bu tadbirlarning muddati o‘zgartirildi.

Yurtimizda ham 2023 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2023 yilning 1-25 noyabr kunlariga ko‘chirildi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qarori bilan mustahkamlandi. Shuningdek, mazkur qaror bilan 2021 yilning 1-25 noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish belgilandi.

 

               A.Xudoyarov             

Tuman statisitika bo‘limi boshlig‘i

1 izoh

Izoh qoldirish

Sayt haqida firingiz?

  • Hozir saytda
  • 3 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs