Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Angor tumani hokimligi
GʻOLIB SPORTCHILAR – BIZNING FAXRIMIZ!

Bugungi kunda Angor tumanidagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabining yosh sportchilari ham musobaqalarda munosib ishtirok etib, chempion degan nomga sazovor bo‘lishmoqda. Bu albatta, sportchilarga berilayotgan e’tiborning natijasi. Ana shunday yoshlardan biri angorlik Ibrohim Jovliyev. U 2010-yilda tumanning Navro‘z mahallasida tug‘ilgan.
Ibrohim bolaligidan chaqqon, epchil bo‘lganligi uchun ota-onasi 6 yoshligidan 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 1-sinfiga o‘qishga qo‘yishgan. Hozirgi kunda maktabning 9-sinf o‘quvchisi. Maktabga ilk qadam qo‘ygan vaqtlari Bolalar va o‘smirlar sport maktabining milliy kurash hamda dzyudo to‘garaklariga ham qatnay boshlaydi.
Murabbiysining ko‘magi va o‘zining mehnati sabab tuman, viloyat, respublika, xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etib, birin-ketin muvaffaqiyatlarga erasha boshlaydi.
Hozirgi kunda 3 karra milliy kurash hamda 2 karra dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempioniman. Har bir musobaqada maydonga chiqishimdan oldin murabiyim Niyoz Choriyev "Avvalo o‘zing g‘olib bo‘lishingga ishon, shundagina ustunlikka erishasan", degan gaplari yodimga tushadi va bu menga kuch beradi, -deydi Ibrohim Jovliyev.
Azmu shijoatli, vatanparvar yosh sportchi xalqaro musobaqalarda ham O‘zbekiston sha’nini munosib himoya qilib kelmoqda. 2023-yilda Samarqand shahrida milliy kurash hamda yuzyudo bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro musobaqalarda birinchi o‘rinni egallagan. Bundan tashqari, bir nechta davlatlarda ham birinchilikni qo‘lga kiritgan.
Har bir inson farzandining erishgan yutuqlaridan osmonlarga parvoz qiladi. Men ham o‘g‘lim Ibrohimning qo‘lga kiritgan yutuqlaridan faxrlanaman. Oilamiz bilan uni doim qo‘llab-quvvatlaymiz. Sport bilan shug‘ullanib boshlaganiga 9 yil bo‘lgan bo‘lsa, biron marotaba sport bilan shug‘ullanishni tashlash niyati borligini aytmagan. Xorijiy davlatlarda xususan, Rossiya, Misr, Qatar, Bahrayn kabi davlatlarda sport musobaqalarida hamda o‘quv yig‘inlarida ishtirok etgan. Sportda chiniqqani uchunmi olisda bo‘lsa-da, sog‘inganligini sezdirmaslikka harakat qiladi. Shunda o‘zim xulosa qilaman sport farzandimning har tomonlama kamol topishiga xizmat qilmoqda,-deydi sportchining otasi Dilmurod Sattorov.
Darhaqiqat, ota-ona uchun farzandining yutuqlari qanot bag‘ishlaydi. Joriy yilning 25-iyun – 7-iyul kunlari Rossiya Federatsiyasining Yakutsk shahrida o‘smirlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan musobaqada birinchi o‘rinni egallagan Ibrohim yana bir bor ota-onasi va yaqinlariga quvonch hadya etdi. Ushbu musobaqada Ibrohim 42 kg vazn toifasida ishtirok etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Ma’lumki, bugungi kunda yoshlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun keng imkoniyatlar eshigi ochib berilmoqda. O‘z navbatida, mard va jasur sportchilarimiz ham bunday yuksak ishonchni oqlab, xalqimizga yorqin g‘alabalarni tortiq etmoqdalar. Ibrohim Jovliyev kabi sportchilarimiz jahondagi eng nufuzli musobaqalarda Yangi O‘zbekistonimiz bayrog‘ini yanada baland ko‘tarishiga ishonamiz.

Gavhar Jumayeva

jurnalist

Izoh qoldirish

Sayt haqida firingiz?

  • Hozir saytda
  • 1 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs