Tomorqa daromad manbai

Angor tumanining “Chinobod” mahallasi ikkinchi sektor hududida joylashgan. Bu mahallada 3515 nafar aholi istiqomat qiladi. Ular asosan dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanishadi. Mahallaning umumiy yer maydoni 88.8 gektarni tashkil qiladi. Shundan 44.2 gektari ekin maydoni hisoblanadi. Hozirgi kunda mahallada 12 tadan ortiq issiqxona mavjud bo‘lib, pomidor, bodring mahsulotlari yetishtirilmoqda.

 -Mahallamizda avval deyarli issiqxonalar yo‘q edi. Hozirgi kunda issiqxonalar soni ko‘payib bormoqda. Biz ham bu yil issiqxona tashkil qildik. Issiqxonamiz 3 sotixdan iborat bo‘lib, pomidor, bodring ekkanmiz. Bundan tashqari, limon ko‘chatlarini ham parvarishlayapmiz,- deydi Shoira Xudoyberdieva.

Albatta, yildan yilga xonadonlarda issiqxonalar soni ko‘payib borayotganligi va unda yilning to‘rt faslida ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilayotganligi quvonarlidir.