Qonunning mohiyati va ahamiyati
“Sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunning mohiyati va ahamiyati
Ma’lumki, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlamasdan turib, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash va fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish to‘g‘risida so‘z ham bo‘lishi mumkin emas. Buning uchun birinchi navbatda, bu boradagi huquqiy asoslarni takomillashtirish zarur. 2021 yilning 12 yanvarida Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun (O‘RQ–663-son) Prezident tomonidan imzolandi. Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ishlarni nazorat tartibida ko‘rish instansiyasi tugatildi. Ilgari, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar Oliy sud Rayosati va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida ko‘rilar edi. Endilikda kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar umumiy asoslarda takroran ko‘rilishi mumkin. Ishlar investitsiyaviy nizo bo‘yicha yirik investorning, raqobatga oid ish bo‘yicha taraflarning xohishiga ko‘ra Oliy sud tomonidan ko‘riladi.
Investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarning iqtisodiy sudlarga taalluqli ekanligi belgilandi.
Investitsiyaviy nizolar bo‘yicha ishlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) investitsiya shartnomalarini tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish bilan bog‘liq nizolar;
2) investitsiya shartnomalarini haqiqiy emas deb topish haqidagi nizolar;
3) investitsiya shartnomasining bajarilishi bilan bog‘liq nizolar;
4) investitsiya shartnomasidan kelib chiqadigan soliq, bojxona, ijtimoiy, ekologik va boshqa majburiyatlarning investor tomonidan bajarilishi bilan bog‘liq nizolar;
5) investitsiya shartnomasi bo‘yicha investorga berilgan mol-mulkni talab qilib olish yoki bunday shartnoma bo‘yicha neustoyka undirish va (yoki) zararlar o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar.
Yuridik shaxslar, shu jumladan chet el yuridik shaxslari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda monopoliyaga qarshi organ o‘rtasida tovar va moliya bozorlarida raqobat sohasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar raqobatga oid ishlar jumlasiga kiradi.
Prokurorlarning barcha iqtisodiy sud majlislarida ishtirok etish huquqi bekor qilindi. Endilikda prokuror faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yoki prokurorning da’vo arizasi bilan qo‘zg‘atilgan ishlardagina ishtirok etishi mumkin. Biznes ombudsmanga hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berish huquqi berildi. Bundan tashqari, Oliy sud sudyasi kassatsiya shikoyati bo‘yicha iqtisodiy suddan ishni talab qilib olishga haqli ekanligi belgilandi. Nazorat instansiyasi bekor bo‘lgan bo‘lsada, kassatsiya tartibida ko‘rilgan ish takroran ko‘rilishi mumkin.
Norbekov Vohidjon,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining sudyasi,
Nigora Hasanova,
JIB Angor tuman sudining devonxona mudiri