Islohotlar amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2022-yil 14-iyundagi 331-son qarori hamda “Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya toʻlash tartibi toʻgʻrisida” 2020-yil 25-martdagi 182-sonli Nizomga (keyingi oʻrinlarda - Nizom) tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, subsidiya ajratish tizimi yanada soddalashtirildi.
Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 9-dekabrdagi PF-33-sonli Farmoni talablaridan kelib chiqib, Nizomga yangi tushunchalar kiritildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi PF-6191-sonli Farmoni bilan davlat organlari tomonidan 2022-yil 1-yanvardan boshlab bir qator hujjatlarni jismoniy shaxslardan talab qilish taqiqlanganligini inobatga olib, ariza beruvchidan Nizomning avvalgi tahriri 10-bandi a), b), v), g), d), e) kichik bandlarida keltirilgan hujjatlarni talab qilish bekor qilindi.
Subsidiya taqdim etishning manzilliligini va haqiqiy muhtoj oilaga etib borishini ta’minlash maqsadida baholash tizimida faqat oila a’zolarining (turmush oʻrtogʻi va turmush qurmagan farzandlari) daromadlarini inobatga olish va baholashda ijtimoiy mezonlar asosida tijorat banklari tomonidan xulosa bermasligi inobatga olinib, tijorat banklarining tizimdagi ishtiroki tugatildi.
Baholash tizimidan ortiqcha byurokratik va korrupsion omillarni kamaytirish maqsadida komissiya faoliyati avtomatlashtirilib, tizimda ishtirok etuvchi mas’ul tashkilotlarning ish faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish tuman (shahar) hokimlari hamda komissiya tarkibiga kiritilgan har bir tashkilot va idora rahbarlari zimmasiga yuklatildi.
Shuningdek, Nizom bilan baholash natijalarini komissiya yigʻilishi bayonnomasi bilan rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinganligi sababli komissiya yigʻilishi bilan bogʻliq boʻlgan bandlar chiqarib tashlandi.
Bundan tashqari, uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun subsidiya ajratilganligi yoki rad qilinganligi toʻgʻrisida YAIDXP orqali ariza beruvchiga “SMS” xabar yuborish tizimi joriy etildi.
Shu bilan birga, subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi xabarnomada talabgorga davlat byudjetidan ajratiladigan boshlangʻich badal subsidiyasining qat’iy belgilangan miqdori va ipoteka kreditining bir qismini toʻlab berish boʻyicha subsidiya ajratilishi koʻrsatilishi hamda ipoteka kreditini ajratish tijorat banklari tomonidan koʻrib chiqilishi va ushbu xabarnoma kredit ajratilishini kafolatlamasligi qat’iy belgilab qoʻyildi.
Angor tumanida subsidiya toʻlanadigan talabgorlarni tanlab olish boʻyicha komissiyasi