Ijaraga berilgan yer uchastkalaridan samarali foydalanish aholi moddiy farovonligini oshiradi
Yer — daromad manbai. Bu gap xalqimiz tilida necha asrlardan buyon qayta-qayta takrorlanib o‘z tasdig‘ini topgan naqldir. Zero, har qanday zamonda ham insonni yer boqadi.
Fuqarolarimiz mamlakatimizdagi sharoit va imkoniyatlarni to‘g‘ri tushungan har qarich yerdan unumli foydalanishga harakat qilmoqda. Hatto, shunday xonadonlar borki, yillar davomida o‘ziga tegishli yerlarni oilasining asosiy daromad manbaiga aylantirgan.
Prezidentimiz boshchiliklarida mamlakatimiz aholisining turmush darajasini yaxshilash, ularning moddiy farovonligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Ushbu yo‘nalishda bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi.
Mamlakatimizda paxta va g‘alladan qisqartirilayotgan yer maydonlarida bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz va sabzavotchilik, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish sohasida eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari ekishni ko‘paytirish, shuningdek, aholining keng qatlamlarini jalb qilish orqali ushbu yerlardan samarali foydalanish tizimini yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-20-sonli qarori qabul qilindi.
Shunga asosan 2022-2025 yillarda davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli paxta va g‘alla ekinlaridan qisqartirilgan yerlar hisobidan fuqarolarga 10 sotixdan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladigan 200.038 gektar yer maydonlari ajratilishi belgilanib, Respublikada 2022 yil davomida 80.000 gektar yer maydoni elektron tanlov asosida g‘olib bo‘lgan fuqarolarga topshirilishi ko‘zda tutilgan.
Qarorda 2022-2025 yillar davomida Surxondaryo viloyatining tumanlarida fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli paxta va g‘alla ekinlaridan qisqartirilgan yerlar hisobidan ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida yer maydoni ajratish belgilandi.
Ta’kidlash joizki, respublikamizda yetishtirilayotgan 80 turdan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bugungi kunda dunyoning 66 ta mamlakatiga eksport qilinmoqda. Bunda, meva-sabzavotlar va dukkakli mahsulotlarning eksport hajmi 2016 yildan 2021 yilga qadar qariyb 2 barobarga oshgan.
Jumladan, hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 gektar maydonda yetishtirilgan paxta xom ashyosiga nisbatan uzumdan 7 baravar, gilosdan 6 baravar, yong‘oqdan
5 baravar ko‘p daromad olish hamda ushbu yerlarda oilaviy tadbirkorlik doirasida kichik intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali ehtiyojmand oilalarning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash bo‘yicha katta imkoniyat yaratildi.
Qishloq xo‘jaligi maqsadlari, shu jumladan dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish, ularni vakolatli organlar va tashkilotlar bilan kelishish «E-IJARA» axborot tizimi orqali amalga oshirilib, «E-AUKSION» elektron savdo platformasida ochiq elektron tanlov o‘tkazish orqali ijaraga beriladi.
Dehqon xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berishda o‘z tomorqasida meva-sabzavotchilik, poliz mahsulotlarini yetishtirish va uzumchilikda yaxshi natijalarga erishgan, ushbu sohalardan birida tayanch mutaxassislikka ega bo‘lgan fuqarolarga, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarga alohida ustuvorlik berilishi ko‘zda tutilgan.
2022 yilda yer maydonlari yuzasidan materiallar to‘planib, loyihalar tayyorlanib, ko‘rib chiqish, ularni vakolatli organlar va tashkilotlar bilan kelishib, «E-AUKSION» elektron savdo platformasiga chiqarish ishlari davom ettirilmoqda.
Bugungi kunga Surxondaryo viloyati, tumanlararo, tuman (shahar) sudi raislari va Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, fermerlar kengashi, “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti, hokimliklar xodimlari ishtirokida viloyatning 11 ta tumanida tanlovda g‘olib chiqqan fuqarolarga o‘zi yashab kelayotgan mahallalarda seminarlar tashkil etilib, yerdan foydalanish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, Angor tumanidagi “Ilg‘or”, “Kayran”, “Yuqori Tallimaron” va “Tallashqon” mahallalaridan 150 nafar elektron tanlovda g‘olib bo‘lgan fuqarolarga yer maydoni ajratilib, tegishli hujjatlar bilan, metodik qo‘llanma tarqatildi. Shu bilan birga viloyatning boshqa tumanlarida ham tanlov g‘oliblariga yer uchastkalari ajratilib, yerga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma, order hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ishlab chiqilgan “Ijaraga berilgan yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha “METODIK QO‘LLANMA”” tarqatildi.
Metodik qo‘llanmada davlat tomonidan aholining keng qatlamlarini mehnat bilan band qilish orqali kambag‘allikni qisqartirish, aholining iqtisodiy barqarorligini ta’minlash maqsadida ajratilgan yer uchastkalaridan samarali va oqilona foydalanish, dehqon xo‘jaligi yeridan oqilona foydalanmasa, ijara shartnomasi sud orqali muddatidan oldin bekor qilinishi, tushuntirib o‘tilgan.
O‘tkazilgan tadbirlar davomida sudyalar tomonidan g‘olib fuqarolarga “Yer uchastkasining ijarasi yer uchastkasiga ijara shartnomasi shartlarida muddatli, haq evaziga egalik qilish va foydalanishdan iboratligini, berilgan yer uchastkalari oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash ob’ekti bo‘lishi mumkin emasligini, Yer uchastkasiga bo‘lgan huquq joyning o‘zida chegaralar belgilanganidan, yer uchastkalarining chizmalari va tavsiflari tuzilib, yer uchastkalariga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatiga olinganidan keyin vujudga kelishi, ijaraga berilgan yer uchastkalaridan samarali foydalanishni ta’minlashning huquqiy asoslari, yer uchastkasi ijarasi to‘g‘risida, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishi, yer qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik borasida keng tushuntirish berildi.
Tumanda o‘tkazilgan tadbirlar davomida Prezidentimiz yerlarni ajratishda ustuvorlik eng avvalo mahalladagi sharoiti og‘ir, lekin ishlashga ishtiyoqi baland oilalarga berilishini va bunga hokim yordamchilari bosh qosh bo‘lishini qayd etib o‘tganliklari ta’kidlanib, yer maydoni ajratish emas, balki aholini daromadini oshirish uchun imkoniyat yaratish bo‘lib, yerni ijaraga olgan oila yil davomida yaxshi ishlasa kamida 40-50 mln. so‘m daromad topishi kerakligi hamda daromad bilan oyiga 3-4 mln. so‘m daromad olishi orqali o‘rta hol oilaga aylanishi mumkinligi ham aytib o‘tildi.
Ta’kidlash joizki, yer umummilliy boylikdir, O‘zbekiston Respublikasi xalqi hayoti, faoliyati va farovonligining asosi sifatida undan oqilona foydalanish zarur va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Qaror ijrosini ta’minlash ishlari davom ettirilmoqda.
S.Bo‘tayev Jinoyat ishlari bo‘yicha Angor tuman sudining raisi