Bolalar davlat himoyasida
Insonning 18 yoshgacha kechirgan umri bolalik hisoblanadi. Bu davr inson hayotining eng beg‘ubor damlaridir. Bu yoshda bolalarning huquqlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlari orqali himoyalanadi. Angor tumanida ham 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 23 nafar bolaning ta’lim-tarbiyasi xalq ta’limi bo‘limi qoshidagi vasiylik va homiylik organi tomonidan nazoratga olingan. Ota-ona mehridan mosuvo bo‘lgan bolalarning 20 nafariga tuman hokimining qarori asosida vasiy va homiy tayinlangan. 3 nafari esa oila tarbiyasiga berilgan. Shuningdek, ota-onasi 6 oydan ko‘p muddatga xorijiy davlatga chiqib ketgan fuqarolarning bolalari qarovsiz va nazoratsiz qolib ketmasligi uchun 158 nafar bolaga tuman hokimining qarori asosida vasiy va homiy tayinlangan. Bu bolalar doimiy ravishda davlat nazoratida.
Tumanning “Karvon” mahallasida vasiylik va homiylikka olingan bolalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tuman prokurorining katta yordamchisi Qahramon Saidov va tuman xalq ta’limi bo‘limi qoshidagi vasiylik va homiylik organi mutaxassisi Ahmed Jo‘raevlar ishtirok etishdi. Uchrashuvdan so‘ng, vasiylik va homiylikka olingan bolalarning yashash sharoiti o‘rganildi.