Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Angor tumani hokimligi
AXBOROT “AYNISH”I QANDAY TO‘XTATILADI?

  Bir manbada o‘qigandim, xuddi tuxum va sutga o‘xshab, axborotda ham aynish xususiyati bor. Farqli jihati tuxum bilan sut turib aynisa, axborot yurib ayniydi. Bu degani, axborotning loyqalanishi va ongni loyqalatishiga inson omilining juda katta rol o‘ynashidir. Darrov ilg‘agandirsiz, bugun e’tiboringizga tadqiqotchilar ta’riflaganidek, XXI asrda yuzlashayotganimiz eng katta va qiyin masalalardan biri – axborotning buzilayotgani, soxtalashtirilayotgani, bir so‘z bilan aytganda, “buzilgan axborot” hamda ba’zi davlatlarda “feyk” axborotlar bilan kurashishda qanday choralar ko‘rilayotganligi xususida o‘z fikr-mulohazalarimizni  havola etamiz.

“Wired” jurnalining hamkor asoschisi Kevin Kelli, “yangiliklarni chiqarishdagi katta qiyinchilik – bu haqiqatning yangi shaklga kirishidir”,-deydi, -“bugun haqiqat hukumatdagilar tomonidan nutq qilinayotgani yo‘q, balki o‘zimizning tengdosh, zamondoshlar tomonidan tarmoqlashtirilmoqda. Har bir axborot yoki faktga zid fakt bor va barcha qarshi faktlar ko‘pchilikni chalg‘itadigan darajada bir-biriga o‘xshash”. Haqiqatda, bugun har bir jamiyatda eng ko‘p kurash soxta axborotlarni aniqlash va ulardan himoyalanish bilan kechmoqda. Negaki bugun jamiyatlararo “fikr og‘usi” aynan axborot orqali tarqatilishiga ko‘p bora guvoh bo‘lib turibmiz. Hozirda hatto ba’zi mamlakatlar “soxta axborotlar” bilan kurashishni qonun doirasida cheklash darjasiga ham ulgurgan. Tanqidchilar esa bu kabi qonun loyihalari OAV va erkin fikr bildirish tamoyilini xavf ostiga qo‘yish deya ogohlantirmoqda. Singapurda chop etiladigan ingliz tilidagi “The Straits Times” kunlik gazetasining 2018-yil 13 –iyulda chop etgan maqolasida aynan xorij mamlakatlarida soxta xabarlar tarqalishining oldini olish bo‘yicha qonun doirasida bir qator loyihalar amalga oshirilganligi to‘g‘risida ro‘yхat taqdim etilgan. Ro‘yхatdan joy olgan mamlakatlardan biri - Germaniyada parlament 2017-yilda soxta xabarlar, terroristik harakatlarga oid, bolalar pornografiyasi, shaxsga adovat kabi bir qator mavzularning ijtimoiy tarmoqlarda chiqarilishiga qarshi qonunni qabul qilgan. Ushbu qonunga ko‘ra, Feysbuk va Tviter kabi ijtimoiy tarmoq platformalari mabodo shunaqa mazmundagi xabar yoki muhokamalarni tarmoq sahifalaridan bekor qilmasa, 50 mln yevro ($58mln)dan oshiq jarima bilan jazolanishi mumkin. Shuningdek, tarmoq rahbariyatining har biri 5 mln yevrodan jarimaga tortilishi ham ko‘zda tutilgan.

Fransiyada ikkita keng muhokamalarga sabab bo‘lgan qonunlar qoralamasi saylov davrida “axborot manipulyatsiyasi”ga qarshi turishni maqsad qilgan Fransuz parlamentida muhokama ostida turibdi. Fransuz Qonunchiligi nomzodga yoki siyosiy partiyaga milliy saylovlardan uch oy oldin noto‘g‘ri deb topilgan ma’lumotni nashr etishni darhol to‘xtatish uchun sudga murojaat qilish imkonini beradi. Garchi  bu loyiha Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga qaramay, muxolifat parlamentlari tomonidan so‘z erkinligi va “fikrlash politsiyasi”ni yaratishga qaratilgan hujum sifatida tanqid qilindi.

Braziliya parlamentida “soxta yangiliklar” bilan bog‘liq kamida 14 qonun loyihasi ko‘rib chiqilish arafasida turibdi. Qonun loyihalaridan biri allaqachon yuqori palataga borib, Internetda “sog‘liqni saqlash, xavfsizlik, milliy iqtisodiyot, saylov jarayoni yoki boshqa barcha manfaatdor shaxslar bilan bog‘liq” noto‘g‘ri ma’lumotni tarqatish uchun uch yilgacha qamoq jazosini nazarda tutgan. Yana bir jihat, Braziliyaning 35 ta siyosiy partiyalaridan 10 tasi iyun oyida “noto‘g‘ri ma’lumotni tarqatish”ga qarshi kurashish uchun saylov organi bilan shartnoma imzoladi.

Malayziya parlamenti 2018-yil aprel oyida targ‘ibot ishlarini olib borganlikda jazo chorasi yoxud soxta xabarlarni tarqatganlikka nisbatan  olti yildan oshiq qamoq jazosi hamda RM500,00 jarimaga tortilish aks etgan qonunni qabul qilgan. Biroq ushbu qonun siyosiy muxolifat va inson huquqlari guruhlari tomonidan tobora avtoritar hukumatning tanqidlarga sukut qilishga urinishi sifatida baholandi. Muxolifat may oyida bo‘lib otgan saylovlarda g‘alaba qozondi va tanqidchilar orasida bo‘lgan yangi Bosh vazir Mahathir Mohamad qonunni qayta ko‘rib chiqishni, ammo bekor qilinmasligini aytib o‘tgan. Namoyishlardan so‘ng esa Mahathir parlament iyul oyida qayta uchrashganda qonunni bekor qilishni aytdi.

Keniyada Prezident Uhuru Keniata may oyida onlayn zo‘ravonliklarni jinoyat deb hisoblaydigan kiber-jinoyatlar to‘g‘risidagi, shuningdek, “soxta yangiliklar”ning tarqalishini to‘xtatishga qaratilgan qonunni imzoladi. Qonun bo‘yicha 50 000 AQSh dollari miqdorida yoki ikki yilga ozodlikdan mahrum etish yoki har ikkisi bilan jazolash nazarda tutilgan. Tanqidchilar bu matbuot erkinligini bo‘g‘ib qo‘yishi va hukumatga jurnalistlarning o‘zlari yoqtirmagan ma’lumotlarni nashr etishni taqiqlashiga yordam berishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Darhaqiqat, internet ixtirosi hayotimizga qanchalik yengillik va yaqinlik kiritib borgani sayin, sekin-asta o‘zining domiga ham tortib bormoqda. Dastlab, sizga yangi hayotni taklif qilib, sizning qarashlaringizni qo‘llab-quvvatlovchi sifatida ko‘rinadi. Fikrlaringizga hamohang fikrli insonlarni yaqinlashtirishga xizmat qiladi. So‘ngra ana shu fikrlaringizni boshqalarga chuqurroq o‘tkazishingiz va kuchliroq ta’sir ettirishingiz uchun o‘zingizni haqiqiy “yaratuvchi”ga aylanishingiz taklifini beradi. Hammasi shundan boshlanadi-qo‘yadi! Bir kunda dunyo sahnasida ham QAHRAMON, ham QURBON rolida o‘ynayotganingizni payqamay qolasiz. Haqiqiy aktyorlardek, rolga kirishib ketganingiz tufayli foyda va zararlar bilan hisoblashmay qo‘yasiz. Tarqatayotgan xabarlaringiz qanchalik to‘g‘ri yoki yolg‘on ekanligi siz uchun muhimmas. Muhimi auditoriyangiz hajmi qisqarmasligi va uni tutib turish. Va aynan mana shu sizning mag‘lubiyatingiz ekanligini anglaganingizda, sizning poyezdingiz allaqachon ketib bo‘ladi. Anglaysizki, bugun hech kim sizni qurol bilan jangda mag‘lub etmadi. Bugun sizni mag‘lub etgan kuch  - bu O‘ZINGIZ! Ha aynan O‘ZINGIZ!

Mashhura KARIMOVA

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti 1- bosqich magistri.

 

Izoh qoldirish

Sayt haqida firingiz?

  • Hozir saytda
  • 1 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs